Qarshi shahridagi 39-saylov uchastkasida ham siyosiy partiyalardan qo‘yilgan nomzodlarga ovoz berish jarayoni davom etmoqda.
Ushbu saylov uchastkasidan shahardagi Alisher Navoiy va Otchopar mahallalarida istiqomat qiluvchi 2 ming 774 nafar saylovchi ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 92 nafar saylovchi ilk bor ovoz beradi.
Saylovda keksayu yosh - barcha faol ishtirok etib, o‘z irodasini ifoda etmoqda. O‘zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova ham shu maqsadda mazkur saylov uchastkasida bo‘ldi.
- Xalqimiz o‘zi munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz bermoqda, – deydi O‘zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova. – Biz bu jarayonni orziqib kutgan edik. Men ham siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlarini diqqat bilan kuzatib bordim. Ta’kidlash joizki, nomzodlarning saylovoldi dasturlarida keltirilgan takliflar mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi uchun xizmat qiladi. Nomzodlar orasidan eng munosibiga ovoz berdim. Bu tanlovim yurtimiz kelajagiga xizmat qilishiga ishonaman.