Bugun Qashqadaryo viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 27 oktyar kuni o‘tkazilgan saylov yakunlari hamda xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov natijalari e’lon qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, viloyatdagi 1038 ta saylov uchastkasidan 1872564 ta saylovchi ro‘yxatga olingan edi. Ularning 1428243 nafari, ya’ni 76,3 foizi saylovda ishtirok etib, o‘zlari tanlagan nomzodlariga ovoz berishdi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat Kengashiga 60 nafar deputat saylandi. Jumladan, xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashiga
- Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 23 nafar;
- O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 10 nafar;
- O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 13 nafar;
- O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 8 nafar;
- O‘zbekiston Ekologik partiyasidan 6 nafar deputat saylandi.
Saylangan deputatlarning 23 nafari (38,3 foizi) xotin-qizlardir.
Yig‘ilishda Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashiga deputatlar saylovining natijalari to‘g‘risida qaror qabul qilinib, mazkur qaror matbuotda e’lon qilinishi belgilandi.