Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlardan biri - O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining 25-moddasiga asosan har bir viloyatda hududiy saylov komissiyalar tuzildi hamda Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori bilan ikki nafar hududiy saylov komissiyasining a’zosi doimiy asosda ishlovchi bo‘lib qabul qilindi.
Bu esa mamlakatimizning milliy saylov qonunchiligi, amaliyoti va saylov komissiyalari tizimidagi sifat o‘zgarishlari inson qadri har narsadan ulug‘ degan buyuk g‘oyaga moslashtirib takomillashib borayotganining isbotidir.
Ma’lumki, 27-oktyabr mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – parlament va mahalliy vakillik organlariga saylov bo‘lib o‘tadi. Bu galgi parlament saylovida ilk bor aralash, ya’ni mojaritar-proropsional saylov tizimi amaliyotga joriy etilmoqda.
Qonunchilik va siyosiy tizimlar tirik organizm singari doimiy tarzda rivojlanib boradi. Jumladan, mamlakatimiz saylov tizimi va qonunchiligi ham muntazam takomillashib bormoqda. Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovlar aralash saylov tizimi bo‘yicha o‘tkaziladi.
Milliy Parlamentimiz quyi palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat. Bu yil mamlakatimiz tarixida birinchi marta deputatlarning yetmish besh nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylovchilarning bevosita nomzodlarga bergan ovozlariga muvofiq saylanadi. Qolgan yetmish besh nafari esa yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati (ya’ni partiya ro‘yxati) asosida saylanadi.
Xo‘sh, jahonda o‘zi qanday saylov tizimlari mavjud? Va aralash saylov tizimi deganda nima tushuniladi?
Birinchisi, majoritar saylov tizimi. Unda saylovchilar aniq bir shaxsga ovoz beradi. Saylov byulletenida deputatlik o‘rni uchun kurashayotgan nomzodlar ko‘rsatiladi. 2024-yilga qadar mamlakatimizda majoritar saylov tizimi amal qilgan.
Ikkinchisi, proporsional saylov tizimi. Unda saylovchilar siyosiy partiyalarga ovoz beradi. Siyosiy partiyalar saylovda qo‘lga kiritgan ovozlari foiziga mutanosib ravishda deputatlik o‘rinlarini egallaydi.
Uchinchisi, aralash saylov tizimi. U majoritar va proporsional saylov tizimlarining uyg‘unlashuvidan hosil bo‘lgan. Bu uyg‘unlik parlamentning bir qismi – majoritar, boshqa bir qismi esa proporsional tizim asosida shakllanishida namoyon bo‘ladi.
Avvalgi saylov tizimiga ko‘ra Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatlari majoritar saylov tizimi asosida hududlardagi saylov okruglaridan saylangan. Ya’ni, saylovchilar byulletenda ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarga ovoz bergan.
Bu yilgi saylovlarda Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati, avvalgidek, majoritar saylov tizimi asosida, qolgan 75 nafar deputat yangi proporsional saylov tizimi asosida saylanadi. Unga ko‘ra saylovchilar byulletenda ko‘rsatilgan partiyalarga ovoz berishadi.
Yana bir muhim yangilikni ta’kidlash joiz. Avvalgi saylovlarda gender tenglikni ta’minlash uchun deputatlikka nomzodlar orasida ayollar kamida 30 foiz bo‘lishi kerak edi.Bu yilgi saylovlarda bu raqam 40 foizgacha ko‘tarildi. Siyosiy partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda esa kamida har besh nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozim.