Bugun, 27-oktyabr kuni viloyatimizdagi barcha saylov uchastkalarida muhim siyosiy voqea - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi boshlandi.
Xususan, Qarshi davlat universitetida joylashgan 13-saylov uchastkasi soat 8:00dan uchastka saylov komissiyalari a’zolari hozirligida tantanali ravishda ochilib, ovoz berish jarayonlari start oldi.
Mazkur saylov uchastkasida Qarshi shahridagi Alisher Navoiy va Mahallot mahallalarida istiqomat qiluvchi hamda talabalar turar joylarida yashaydigan 2263 nafar saylovchi ovoz berishda ishtirok etishi kutilmoqda. Ularning 226 nafarini saylovlarda ilk bora ishtirok etadigan yoshlar tashkil qiladi.
Birinchilardan bo‘lib ovoz berishda ishtirok etgan Nigora Rustamova o‘z xursandchiligini yashirmadi.
-Birinchilardan bo‘lib ovoz beraman, deb niyat qilgandim, - deydi u. – Birinchilardan emas, birinchi bo‘lish nasib etdi. Yoshlar taqdiriga befarq bo‘lmagan nomzodlarga va partiyaga ovoz berdim. Tengdoshlarimni ham faol bo‘lishga chorlab qolaman.