Bu yil saylov Qonunchiligi yanada takomillashtirilib, nomzodlar uchun qulayliklar yaratildi. Ya’ni bu yilgi saylovlarda takroriy saylovlar bo‘lmaydi.
Mojaritar tizimda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning hech biri saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini ololmasligi mumkin edi. Bu esa takroriy ovoz berishni o‘tkazish, qo‘shimcha tashvish va xarajat talab etar edi. Jumladan, 2019-yilda o‘tkazilgan parlament saylovlarida yigirma beshta saylov okrugida takroriy ovoz berish o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, bo‘shab qolgan deputatlar o‘rnini to‘ldirish uchun saylov komissiyalari faoliyatini qaytadan tiklash zarur. Bu esa minglab odamlarni yana saylov komissiyalari ishiga jalb etish, saylovchilarni yana ovoz berishga da’vat qilish bilan bog‘liqdir. Proporsional saylov tizimining afzalligi – bunday holatlarda partiya tomonidan ko‘rsatilgan ro‘yxat bo‘yicha navbatdagi nomzod deputatlik o‘rnini egallaydi. Partiyalar tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatlar jamoatchilik-saylovchilar e’tiboriga havola qilinadi.
Saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ovoz berish saylov kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkaziladi. Ovoz berish vaqti va joyi to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasi saylovchilarni saylovdan kamida o‘n kun oldin xabardor qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkaziladi.
Saylovchi saylov kuni ovoz berish binosiga kelgach, uchastka saylov komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi hamda saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan keyin unga 4 ta saylov byulleteni beriladi:
Birinchi byulleten - och ko‘k rangli bo‘lib, unda Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar haqidagi ma’lumotlar;
Ikkinchi byulleten - och yashil rangli bo‘lib, byulletenda Qonunchilik palatasi saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar nomi;
Uchinchi byulleten - och sariq rangli bo‘lib, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputatligiga nomzodlar haqidagi ma’lumotlar;
To‘rtinchi byulleten - och kulrang bo‘lib, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatligiga nomzodlar haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Biron-bir sababga ko‘ra saylovchilar ro‘yxatiga familiyasi kirmay qolgan saylovchilarning familiyalari saylovchining shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi.
Yana bir muhim yangilik, Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda milliy saylov amaliyotiga “E-saylov” axborot tizimi joriy etildi. Ushbu zamonaviy tizimning afzalligi – saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan qariyb 60 turdagi munosabatlari to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi.
“E-Saylov” axborot tizimida fuqarolar uchun ham nomzodlar uchun ham saylovga oid axborotlarni olishda bir qator qulayliklar yaratilgan. Jumladan, axborot tizimi saylovchilar va saylov uchastkalariga oid statistik ma’lumotlarni olish, barcha turdagi saylovlar bo‘yicha deputatlikka nomzodlarning tarjimayi holi bilan tanishish imkonini beradi.