Saylov jarayonlarini ko‘plab xorijiy kuzatuvchilar ham kuzatib bormoqda. Ulardan biri - Italiyaning “Cotonella S.p.A.” kompaniyasi bosh direktori Renato Spanolo Qashqadaryo viloyati hududiy saylov komissiyasida bo‘lib, komissiyaning ovoz berish kunidagi faoliyati bilan qiziqdi.
Hududiy saylov komissiyasi raisi O‘ral Ostanov komissiya tomonidan saylov kunida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Shuningdek, Renato Spanolo Qarshi shahridagi 13-saylov uchastkasida bo‘lib, OAV vakillariga kuzatuvlari haqidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi.
- Birinchi navbatda saylov uchaskalaridagi saylovga tayyorgarlik jarayoni menda yaxshi taassurot qoldirdi, - dedi u. – Hammasi belgilangan tartibda tashkil qilingan. Ovoz berish uchun kirib kelayotgan saylovchilarga tartiblar tushuntirilmoqda. Shuningdek, byulletenlar tashlanayotgan quti ham oshkora ko‘rinib turibdi. Bu saylovning ochiq va oshkora o‘tayotganining isboti.