Unda viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi O‘ral Ostanov viloyatda saylovni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 29-maydagi 1333-son qarori bilan Qashqadaryo viloyati hududiy saylov komissiyasi tarkibi tasdiqlangan edi.
Shundan so‘ng, 16 ta shahar (tuman) saylov komissiyasi, viloyat kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60 ta, tuman (shahar) kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 400 ta saylov okruglari hamda 1038 ta saylov uchastkasi tuzildi. Ularning barchasi belgilangan talablarga muvofiq jihozlandi, zarur vositalar bilan ta’minlandi.
Ma’lumki, Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori bilan 16-23-oktyabr kunlari saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun muddatidan oldin ovoz berish tashkil etildi.
Xususan, viloyatimizdan ro‘yxatga olingan 1 million 872 ming 564 nafar saylovchining 153 365 nafari muddatidan oldin ovoz berishdi.