Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini yuqori saviyada tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisining dastlabki tashrifi “Sho‘rtangazkimyo” majmuasiga bo‘ldi.
Zayniddin Nizamxodjayev bu yerda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti va “Sho‘rtan gaz-kimyo” majmuasi hamkorligida tashkil etilgan “Gaz-kimyo va energetika” ilg‘or muhandislik maktabi ochilishida ishtirok etdi.
Shundan so‘ng Markaziy saylov komissiyasi raisi majmua faollar zalida 300 dan ortiq yosh saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda ishtirokchilarga saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovining o‘ziga xos xususiyatlari, ilk bor o‘tkaziladigan aralash saylov tizimi, uning afzalliklari, saylov jarayonlarida o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan ishtirok etuvchi kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari haqida keng ma’lumot berildi.
Uchrashuvlarda ishtirokchilar saylov qonunchiligi va jarayonlari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.