Unda saylov komissiyasi a’zolari, mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari va siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etdilar.
Brifingda viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi O‘ral Ostanov viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan asosiy chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.
Ertaga, ya’ni 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga butun mamlakatimizda shu jumladan viloyatimizda ham katta tayyorgarlik ko‘rildi, - dedi O‘.Ostanov. - Saylovning mamlakat hayotidagi alohida o‘rnini e’tiborga olib, ushbu jarayonga fuqarolarni keng jalb etish maqsadida bu saylov “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Bu yilgi saylovlar qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan saylov organlarining yangi tizimi, ya’ni Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, uchastka saylov komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi.
Hududiy saylov komissiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni tashkil etadi. Hududiy saylov komissiyalari a’zolarining umumiy soni – 21 nafar (61,9 foizi – erkaklar, 38,1 foizi – ayollar).
Hududiy saylov komissiyalari tarkibiga turli kasb egalari – tajribali huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, jurnalistlar, shifokorlar, muhandislar jalb etilgan. A’zolarning deyarli barchasi oliy ma’lumotli mutaxassislar ekani, avvalgi saylovlarda tajriba to‘plaganligi komissiyalarning nufuzini va mas’uliyatini yanada oshiradi.
Okrug saylov komissiyalari xalq deputatlari viloyat Kengashi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishni tashkil etadi.
Hududiy saylov komissiyalari tomonidan 60 ta okrug saylov komissiyalari tuzildi.
Tuman, shahar saylov komissiyalari tegishli tuman, shahar hududida Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni tashkil etish maqsadida viloyatning 16 ta tuman va shahrida tashkil etildi.
Uchastka saylov komissiyalarining asosiy vazifalari saylov kuni saylov uchastkada ovoz berishni tashkil etish va ovozlarni sanab chiqish hisoblanadi.
Hududiy saylov komissiyalari tomonidan 1038 ta saylov uchastkasi tuzildi.
Uchastka saylov komissiyalari a’zolarining umumiy soni – 10.524 ming nafar. A’zolarning 47 foizi ayollardir.
Imkoniyati cheklangan shaxslar esa 277nafar.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, uchastka saylov komissiyalari a’zolarining 48 foizini 21 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etadi.
O‘zbekistonda saylov jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish - doimiy e’tibor qaratilayotgan eng muhim yo‘nalishlardan biridir.
Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining so‘nggi yillarda o‘tkazilgan saylovlarda muvaffaqiyatli qo‘llanilgani shular jumlasidandir.
Milliy saylov tizimiga “E-Saylov” axborot tizimining joriy etilgani, qayd etilganidek, bu yilgi saylovdagi muhim yangilik hisoblanadi.
“E-Saylov” interaktiv portalida saylovlarning ochiqligini ta’minlash va aholini saylovga oid ma’lumotlar bilan ta’minlash bo‘yicha bir qator qulaylik yaratildi.
Saylov kuni saylov jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida viloyatimizning tuman va shaharlari hududidagi tegishli texnik talablarga muvofiq bo‘lgan saylov uchastkalarida videokameralar o‘rnatildi.
Bu Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazidagi ekranlarida, saylov.uz rasmiy veb-saytida hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” va boshqa telekanallarida ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) kuzatish imkoniyatini beradi.
Saylov kampaniyasida ishtirok etishiga ijozat berilgan beshta siyosiy partiya tomonidan Qashqadaryo viloyat, tuman (shahar) Kengashlari deputatligiga ko‘rsatilgan jami 2300 nafar nomzod ro‘yxatga olindi.
Saylovni yuqori saviyada tashkil etishda saylov komissiyalari a’zolarining milliy saylov qonunchiligi va amaliyoti hamda xalqaro saylovga oid standartlar bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.
Saylov tashkilotchilarining malakasini oshirish maqsadida kaskad usulida uch bosqichli o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari tashkil etildi. Natijada Qashqadaryo viloyati bo‘yicha 11 mingdan ortiq saylov komissiyasi a’zolari, trenerlar va operatorlarning saylov qonunchiligi bo‘yicha malakasi oshirildi.
Hududiy saylov komissiyasi va barcha darajadagi saylov komissiyalari o‘z ishini hamisha ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga binoan tashkil etib kelmoqda.
Mamlakatimiz parlamenti va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarni, jumladan, saylovchilarning ovoz berish jarayonini siyosiy partiyalarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari, jurnalistlar, shu jumladan, xorijlik jurnalistlar kuzatib boradi.
Saylov jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtiroki muhim ahamiyatga ega.
Hududiy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalardan 5 190 nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 1 117 nafar kuzatuvchi ro‘yxatga olindi.
Saylovlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin va hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylovdagi ishtiroki uchun tegishli infratuzilmaviy sharoitlar yaratildi:
– barcha saylov uchastkalariga Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaretlar yetkazildi;
– ovoz berish xonalariga maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirildi;
– ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar mavjud bo‘lgan saylov uchastkalarida optik lupalar yetkazildi;
– uchastka binolari nogironlar aravachasiga moslashtirilgan nishab yo‘laklari (panduslar) yoki “yordamga chaqirish” tugmasi bilan jihozlandi.
Saylov qonunchiligiga binoan, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari saylovda ovoz berish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi saylovda ishtirok etishga to‘la haqlidir.
Saylovchilarning ro‘yxati Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida mavjud Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga asosan saylov uchastkalari kesimida shakllantirildi.
Bitta saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritildi.
Viloyatimiz bo‘yicha saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga 1 872 564 nafar saylovchi kiritildi.
Saylovda ilk marotaba qatnashadigan yoshlar 37.614 nafarni tashkil etadi.
Saylovchilarning ro‘yxatlari saylovga 15 kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etildi.
Saylov kodeksiga muvofiq, muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Shunga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish joriy yilning 16 – 23 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tdi.
Viloyatimiz hududidagi saylov uchastkalarida 153.365 nafar saylovchilar muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish joriy yilning 27 oktyabr kuni soat 8:00 dan 20:00 gacha o‘tkaziladi.
Saylovchi uchastka saylov komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatadi hamda saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan keyin unga saylov byulleteni beriladi.
Ayrim saylovchilar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etishi mumkin.
Saylov uchastkasida soat 20:00 da ovoz berish tugaganligi e’lon qilinadi va saylov byulletenlari bo‘yicha ovozlar sanab chiqiladi.